- Rukn: Sheʼrlar
- 10371 marta ko‘rilgan
Bilib qo‘yki seni Vatan kutadi
Sen bu kun sinfda shod yurak bilan
Sinov navbatini kutib turasan.
A’lo mamlakatning a’lo farzandi,
Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!
Globusda bo‘lgan har kichik nuqta
Millionlab qondoshga vatan albatta.
Baxtiyor xalqimiz yashar abadiy,
Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!
Jabrda masala qo‘sh muammodir,
Xuddi shunda bir ulug‘ qurilish jodir.
Sen katta injener ertami, indin,
Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!
She’rdir, lirika, balki oddiy til –
Xalqlarning tillari bir xil emas, bil!
Diplomat bo‘larsan, shu bukun, endi,
Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!
Fanlar ko‘p, fanlar bor, o‘rganishga – kuch
Yerda yur, suvda suz, osmon uzra uch.
Hammasida a’lo barchadan oldin,
Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!
***
Timsohning umridir faqat uch ming yil,
Uch nafas yashaydi farazan pashsha.
“Faqat” deyilgan so‘z – ahmoq timsohning
Umridir, Odamsan, odamcha yasha!
(1947)
G‘afur G‘ULOM