- Rukn: Sheʼrlar
- 721 marta ko‘rilgan
Xotira muqaddas – xotira aziz
Sinfdosh
Chiroyli xat yozmoqqa
Juda havasmand edim.
A’lochi qiz – Qumriga:
“Biroz yordam ber”, – dedim.
Shod boqib sinfdoshim,
Cho‘zdi yordam qo‘lini.
Endi men ham bilaman
“5” olishning yo‘lini.
Obid RASUL
(1922-2001)
Tinchlik qo‘shig‘i
Men tinchlik qo‘shig‘in kuylayman,
Kuylayman,
Men tinchlik haqida o‘ylayman,
O‘ylayman.
Dadamlar urushda bo‘lganlar,
Bo‘lganlar.
Ko‘p og‘ir turmushni ko‘rganlar,
Ko‘rganlar.
Urushqoq odamlar bor ekan,
Bor ekan.
Hali ko‘p odamlar xor ekan,
Xor ekan.
Men deyman yomonlar yo‘q bo‘lsin,
Yo‘q bo‘lsin.
Qorni och odamlar to‘q bo‘lsin,
To‘q bo‘lsin.
Jang nima – dadamlar aytganlar,
Aytganlar.
Urushdan oyoqsiz qaytganlar,
Qaytganlar.
Amaki, tog‘alar, o‘ylangiz,
O‘ylangiz.
Urushga sira yo‘l qo‘ymangiz,
Qo‘ymangiz.
Yovuzlar sira o‘q uzmasin,
Uzmasin.
Bizlarning o‘yinni buzmasin,
Buzmasin.
Safar BARNOYEV
(1938-2001)
Nishona
Bultur ekkan olxo‘rim
Nishona qildi.
Mana, siz ham yeb ko‘ring,
Uch dona qildi.
Aytgancha, yeb qo‘yuvdim
Nishonasini.
Danagini ko‘rsatsam,
Ishonasizmi?..
Yusuf SHOMANSUR
(1936-1978)
Qo‘sh qaldirg‘och
Elchi bahor keldi yana,
Qir, adirga durlar sochib.
Dutor nusxa inin yo‘qlab,
Qaytdi tog‘ning qaldirg‘ochi.
Biroq uning uyasini
Hech tortinib o‘tirmasdan.
Egallashib olgan ekan,
Bir juft chumchuq atay – qasddan.
Qaldirg‘ochlar iltimosin,
Insofsizlar uqmay qo‘ydi.
Ichkariga kirib olib,
Tashqariga chiqmay qo‘ydi.
Qo‘sh qaldirg‘och ne qildi, deng –
Biri inni turdi poylab.
Ikkinchisi do‘st-yorlarin
Boshlab keldi parvoz aylab.
Endi ahvol tangligini
Ikki chumchuq ko‘rib turar.
Hasharchilar to‘rt tomondan,
In og‘zini qo‘rib turar.
Qaldirg‘ochlar ishni boshlab,
Loyni tishlab, qo‘shib somon –
Eshik og‘zin berkitdilar,
Oqibati bo‘ldi yomon...
Tursunboy ADASHBOYEV
(1939-2014)
Mamirobod
Andijonda bir qishloq bor,
Ikki soy orasida.
Ketsa agar yana qaytar,
Shu ovulning bolasi-da.
Unga Oy ham xushtor bo‘lgan,
Oq tongiga termulib.
Yulduzlardan dur teradi
Bolakaylar cho‘milib.
Bu qishloqni Humo qushlar,
Jannatdan topgan emish.
Farishtalar mezbon bo‘lib,
Gijda nonlar yopgan emish.
Shoir momom Mohlar oyim,
Qazdirgandir soyini .
O‘z husnidan uzib berib,
Yashnatmish chiroyini.
Kim bu yerga tashrif qilsa,
Hayron qolgan, lol bo‘lgan.
Uning ko‘rkin obketolmay,
Sarson bo‘lgan, dol bo‘lgan.
Bu yer ma’mur bo‘lgani-chun,
Ma’mur deya ataldi.
Shoir Odil Abdurahmon,
Sevar shunday Vatanni.
Odil ABDURAHMON
(1944-2023)