- Rukn: Sheʼrlar
- 681 marta ko‘rilgan
Xayrlashuv
Ustozlarim, sinfdoshlarim,
Yaqinlarim, chin sirdoshlarim.
Dilda quvonch, ko‘zda yoshlarim,
Xush qol maktab, xayr, do‘stlarim.
Boshlanmoqda uch oylik ta’til,
Ham shodlanar, ma’yus tortar dil.
O‘rtamizdan o‘tmas edi qil,
Xush qol maktab, xayr, do‘stlarim.
Qanday o‘tar ta’til kunlarim,
Qiyin kechar, sizsiz, bilmadim?
Kulib turib, ichda yig‘ladim,
Xush qol maktab, xayr, do‘stlarim.
Biz-ku hali yana qaytamiz,
Senda quvnab she’rlar aytamiz.
Ayriliqni ham unutamiz,
Xush qol maktab, xayr, do‘stlarim.
Uchmoqqa shay qanotlarimiz,
Tiniq chashma – pok zotlarimiz.
Buxoriyning avlodlarimiz,
Xush qol maktab, xayr, do‘stlarim.
Chalinmoqda so‘nggi qo‘ng‘iroq,
Ko‘zlar chaqnar, yo‘limiz porloq.
Yoz ochmoqda bizlarga quchoq,
Xush qol maktab, xayr, do‘stlarim.
Safimizda bitiruvchilar,
Kipriklarda sevinch tomchilar.
Hayot sari otin qamchilar,
Xush qol maktab, xayr, do‘stlarim.
Ravshan ISOQOV