- Rukn: Sheʼrlar
- 607 marta ko‘rilgan
Nasimjon va kelishiklar
O‘tirganda daftariga chizib rasm,
O‘rtog‘ining qulog‘iga chertdi Nasim.
Ustoz dedi: “Atrofingga solib razm,
Kelishikning turlarini aytgin, Nasim!”
Nasim shunda likillatib boshchasini,
Turtib qo‘yar yana tag‘in oshnasini.
“Aytgin”, deya o‘rtog‘iga yuzlanadi,
Javob kutib to‘rt tarafga izlanadi.
Ustoz shunda xattaxtaga kelar yaqin,
Kelishikning turlarini aytar tag‘in.
Muallimning ishorasin sezib tezda,
O‘quvchilar qaytarishar qilib bo‘g‘in.
Nasimjon-chi, pirpiratib ko‘zlarini,
Qizartirar bilmasligi yuzlarini.
“Meni... menga... mendan so‘rmang”, deb,
Duduqlanar, yo‘qotadi so‘zlarini.
Muallimi qo‘llaridan ushlab olib,
Uning bola dunyosiga nazar solib,
Parta bo‘ylab yurib misol keltiradi.
Bu misollar bolalarni kuldiradi.
Nasimjonning xayolida chaqnab chaqin,
Xattaxtaga ko‘zlarini tikar yaqin.
“Ha, angladim! Javobini topdim”, – deydi.
So‘rayvering, kitobimni yopdim, – deydi.
Quvonchbek Salimov,
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani
42-maktab ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi