- Rukn: Sheʼrlar
- 242 marta ko‘rilgan
Bobomning “karomat”i
Bobom – fikratda yakto,
Qo‘lidan tushmas kitob.
Bizga ham u doimo
“O‘qing!” deb qilar xitob.
Mahalla-ko‘y, aqrabo
Undan olar zo‘r o‘git.
So‘zi qalbdan olib joy,
Yoritar misli xurshid.
Bir kuni semiz kitob
Bizga tutib, dedi shart:
“Qaysing bitkazsang o‘qib,
Ming so‘m bergayman, albat”.
Tanamizga kirdi jon,
Ruh – tetik, qomat – tetik.
Buni eshitgan zamon
Mutolaaga kirishdik.
Yoshmasmizmi – sho‘x, erka,
O‘yinlar-chi, bitmadi...
So‘ngigacha o‘qishga
Hafsalamiz yetmadi.
Kengashib biz ikkovlon,
Sira bilmasdan hadik:
“Kitobni, jon bobojon,
Tugatdik...” deb aldadik.
Bobom vazmin qotdi so‘z:
“Imtihonga yo‘ygandim:
Bitirmabsiz, pulni boz
So‘nggi betga qo‘ygandim...”
Yurakka tushdi g‘ulu,
Yetdi tavba fursati...
Kitobni sevdirgan shu:
Bobomning “karomat”i.
Dilnavoz TO‘XTAYEVA,
Buxoro davlat universiteti talabasi