- Rukn: Sheʼrlar
- 228 marta ko‘rilgan
Salimjonning kitobi
Kattagina javonda
Turar bitta kitobcha.
Unda olam yashirin,
Udir go‘yo oftobcha.
Nogahon ko‘zi tushib,
Jajji Salim hayratda.
Onasidan minnatdor,
Kitob olgan, albatta.
– Onajon, shu kitobni
Menga o‘qib bersangiz.
Yashirin bilimlarin
Mag‘zin chaqib bersangiz.
Onasi mamnun bo‘lib,
O‘g‘lidan xursand edi:
– Birga idrok koniga
Sayr qilamiz, – dedi.
– O‘g‘ilginam, sultonim,
Har jabhada kitob yor.
Komil inson tuyg‘usin
Dilingga solar takror.
Koinotni o‘rganish,
Yer tortishish qonuni,
Undadir jam barchasi
Udir dunyo ustuni.
Dunyoga boq, bolajon,
Zakovating oshadi.
O‘qi, izlan, yugur, chop,
Seni dunyo kutadi.
Salim kitobni olib,
Asta unga shunday der:
– Agar sen bo‘lmaganda,
Yaralmasdi ona Yer!!!
Nargiza CHORIYEVA,
Surxondaryo viloyati Bandixon tumani 15-maktab 10-sinf