- Rukn: Sheʼrlar
- 3980 marta ko‘rilgan
Bobur nidosi
Toqatim toʻldi oqibat,
Taxtni yov oldi oqibat,
Oʻz yurtim qoldi oqibat,
Afgʻon ketdim daryo kechib.
Omad kelar-ketar ekan,
Jon doʻsting ham sotar ekan,
Ortingdan tosh otar ekan,
Hayron ketdim daryo kechib.
Ikki koʻzim elimdadir,
Choʻgʻdek soʻzim tilimdadir.
Dilim yonib, dilimda bir
Armon ketdim daryo kechib.
Yurtdan ayro adogʻ koʻnglim,
Gʻuboriga mushtoq koʻnglim.
Yigʻlab bu kun bu shoh koʻnglim,
Vayron ketdim daryo kechib.
Bogʻishamol sayr endi –
Qilgʻay chiqib gʻayr endi.
Boburing yoʻq, xayr endi
Anjon, ketdim daryo kechib.
Muhammad Yusuf,
Oʻzbekiston xalq shoiri