- Rukn: Sheʼrlar
- 2092 marta ko‘rilgan
Bolakay chizgan quyoshlar
Yo‘lakda
bolakay yuripti
o‘zicha kashf etib ko‘chani.
Qo‘lida oppoq bo‘r –
quyoshchalarga
to‘ldirdi hovlining ichini.
U quyoshni chizdi
qorong‘i muyulishda
unutilib yotgan bir toshga.
Uyning ham eshig-u derazasini
to‘ldirib yubordi quyoshga.
Suykadi bo‘rini yungli g‘altakka –
Momosini bir zum bosganda uyqu.
Zanjirda talpingan kuchugiga ham
Jajji bir quyoshcha hadya etdi u.
Serqatnov chorraha,
tanish-notanish
kishilarning oyoqlari ostiga
sonsiz quyoshlarni chizdi bolakay,
chizdi daraxtlarning po‘stiga.
Ko‘priklarga chizdi,
Soyaga chizdi.
harbiy mashinaning chizdi zirhiga...
Yana qaylargadir,
o‘nlab yo yuzlab
unut devorlarning sirtiga
oppoq quyoshlarni chizdi bolakay...
Tag‘in chizmoqchiydi,
bo‘ri tugadi,
boshqa narsalarga
ketdi mahliyo.
Ketdi,
Boshqa narsalarga mahliyo...
Lekin, shu kattakon,
keksa olamning
bir kichik ko‘chasi,
bir burchagida
mitti quyoshchalar,
oq quyoshchalar
Yonib qoldi bola umidi kabi!
Bilaman!
Ko‘p edi, ko‘p edi hali
nurga zor go‘shalar,
nurga zor yerlar –
lekin ularga ham bolakay bir gal
Quyosh eltishiga ishongim kelar!
Omon MATJON,
O‘zbekiston xalq shoiri