Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Keng osmonda uchdik biz

Chaqmoq

 

Hamma yoqqa jar solib

Chaqmog‘ingni chaqasan.

Buzib odam tinchligin,

Ayt-chi, kimga yoqasan?

Larzaga kelar havo

Gumburlasa oloving.

Qishda qor ham yonarmish

Bilsang agar qalovin.

Dabdabasiz, shovqinsiz

Yomg‘ir, jala bo‘lib yog‘.

Yashnasa bog‘, dala, qir,

Dimog‘imiz bo‘lur chog‘.

Hoy bulutlar, bulutlar,

Nega yog‘may o‘tasiz,

Dala, qir suvga muhtoj

Endi qayga ketasiz?

 

 

Bedazorda bedanam

 

Bedazorda bedanam

Sayrab beradi har dam:

Bitbildig‘-u, bitbildiq,

Kun bo‘yi mazza qildik!

Keng osmonda uchdik biz,

Dalalarni quchdik biz.

Kuylashdik xo‘roz bilan,

Bulbulday ustoz bilan.

Sa’va, to‘rg‘ay do‘st bo‘lib,

Sayrashdik yayrab, kulib.

Bitbildig‘-u, bitbildiq,

Yoz bo‘yi mazza qildik!

 

 

Bobotut

 

Hovlimizning to‘rida

O‘sar bobotut.

Bobolardan esdalik

Bilar el-u yurt.

Ertakdagi chinordek

Baland bo‘yi bor.

Mo‘l-u ko‘l hosil berar

Har yili bahor.

Mevasin totib ko‘rgan

Bo‘lar shod-xurram.

Go‘yoki uyimizda

Bo‘lgandek bayram.

Bog‘ yaratsa elda kim

Abadiy yashar.

Bunga guvoh bo‘ladi

Elimda bashar.

 

 

Jami nechta bo‘ladi?

 

– Oyim menga beshtadan

Besh hovuch berdi yong‘oq.

Yana qo‘lim uzatsam,

Koyib berdi o‘sha chog‘:

– Bo‘ldi, o‘g‘lim, men senga,

Uchdan birin berdim, – der.

Qolganin Akmal, Ravshan

Maktabidan kelib yer.

To‘rvadagi yong‘oqdan

Ko‘z uzmadim men biroq:

– Jami nechta bo‘ladi,

Aytib ber-chi, jon o‘rtoq?

 

Ernazar RO‘ZIMATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.