- Rukn: Sheʼrlar
- 220 marta ko‘rilgan
Bozorko‘ylak
Buvim tandir yopdilar,
So‘ng bozorga chopdilar.
Meva olib qaytdilar,
Qaytib shuni aytdilar:
“Yosh qizlarda ilgari,
Yarim asrdan nari,
Bozorko‘ylak bo‘lardi,
Kiygan zavqqa to‘lardi.
Ko‘ylak yoqasi burma,
Xina o‘sma va surma
O‘z o‘rnini topardi...
So‘ng bozorga chopardik.
Azon aytardi so‘fi.
Boshda iroqi do‘ppi,
Sochlarimiz qirq jilg‘a,
Boshimizda chubchurg‘a,
Buvijonim oldimda,
Quyosh qoqilgan timda.
Bo‘zlar edi bo‘zto‘rg‘ay,
Buni avvaldan ilg‘ab,
Yo‘rg‘alardi ko‘k eshak,
Tagimizda jun to‘shak.
Avval olamiz holva,
Oddiy holvamas, bol-da!..
Olardik sopol hushtak,
Kunda qurigan turshak.
Olar edik parvarda,
Taqinchoqlar – zargarda...
Qovurmoch olar edik,
Aylanib tolar edik.
Olgan hamma narsani
Xurjunga solar edik.
Egnimda bozorko‘ylak,
Borardim o‘ynab-o‘ynab.
Bayram, hayitda, to‘yda,
Yurtda, mahalla-ko‘yda,
Avaylab kiyar edim,
Ko‘ylakni suyar edim.
Yoqasi pirillardi,
Yuragim zirillardi.
Yosh qizlarda ilgari,
Yarim asrdan nari,
Bozorko‘ylak bo‘lardi,
Kiygan zavqqa to‘lardi...” –
Dedilar buvijonim.
Bugun mening zamonim!
Ko‘ylagim bitta emas,
Do‘stlarim qilar havas.
Buvimda ko‘p hikoya,
Barchasida mo‘l g‘oya.
Bozorko‘ylak qissasi,
Bordir uning hissasi.
chubchurg‘a – qizlar, ayollarning uzun o‘rilgan sochini tartibga solib turuvchi do‘ppisifat maxsus bosh kiyim.
Salim ASHUR