- Rukn: Sheʼrlar
- 750 marta ko‘rilgan
Buyuk kitob
Adolatni soʻylar bu kitob,
Baxtimizni kuylar bu kitob.
Mehr berdi ota-onamga,
Bolamni ham oʻylar bu kitob.
Yuragimdan toshayotgan soʻz,
Qonun bilan yashayotgan soʻz.
Xizmat qilib el-u yurtimga,
Asrlardan oshayotgan soʻz.
Soʻzlasin yer, soʻzlasin osmon,
Davlat qurish emasdir oson.
Bu kitobni oʻqir mamlakat,
Bu kitobda qahramon – inson.
Buyuk kitob, bu buyuk kitob,
Jamiyatda ishlaydi shitob.
Hayot uchun zarur huquq, burch,
Har qadamda zarur hamma bob.
Inson qadri dunyoga ziynat,
Erkin yashar har shaxs, har millat.
Bu kitobning ijodkori – xalq,
Bu kitobning timsoli – davlat.
Xalqim uchun ushalgan armon,
Vatan uchun qilich va qalqon.
Buyuk kitob oliy kafolat,
Oʻzbekiston, jon Oʻzbekiston.
Yangi zamon shohnomasi bu,
Yangi davr tavsifnomasi.
Oʻzbekiston rahnamosi bu,
Taraqqiyot tashrifnomasi.
Rustam Musurmon,
Qoraqalpogʻiston xalq shoiri