- Rukn: Sheʼrlar
- 950 marta ko‘rilgan
“Oq kaptarim chiroyli, koʻk kaptarim chiroyli”
Hazilga hazil
Ukajoniga
Akasi Asil:
– Muzqaymoq yeysanmi?! – deb,
Qilgandi hazil.
Hazilga hazil
Qaytardi u ham:
– Xafa boʻlasiz,
Yoʻtalib bersam.
Charchadi
– Yomgʻir ham tinibdi, – der
Oʻgʻliga Yahyo togʻa.
– Nega endi tinmasin,
Charchadi yogʻa-yogʻa.
Buloq
Turna koʻzli buloqcha
Qaynab yotar biqirlab.
Qaynar-u, toshib ketmas,
Kulgan boʻlar qiqirlab.
Kurash
Mard lochinga hujum qildi,
Bir toʻp quzgʻun – bosqinchi.
Yakka lochin olishardi,
Ketmasin deb, togʻ tinchi.
Dedilarki: “Ular koʻpdir,
Chekin yoki boʻl taslim!”.
Sado keldi: – Taslim boʻlish
Mening uchun bu – oʻlim!
Or qilaman kesak kabi
Sekin-asta nurashdan.
Men lochinman, yengilsam ham
Kurash boʻlsin kurashday.
Dil soʻzlari
Oq kaptarim chiroyli,
Koʻk kaptarim chiroyli.
Tinchlik qushi deydigan
Dil gaplarim chiroyli.
Koʻk toqida charx ursa,
Bir dasta gulga oʻxshar.
Quyosh boshida kulsa,
Bir hovuch nurga oʻxshar.
Parvoz aylang elma-el,
Qanotingiz tolmasin.
Yer yuzida “Tinchlik” deng,
Eshitmagan qolmasin.
Afrikalik yoʻlbars
Yoʻlbars yurar qafasda,
Koʻrdik dadam,
Men, Gʻani.
Hazil qildilar dadam:
– Ishlar qalay, ogʻayni?
Yoʻlbars parvo qilmaydi,
Ukam sekin jilmaydi:
– Afrikadan kelgan u,
Tilimizni bilmaydi.
Habib Rahmat