- Rukn: Sheʼrlar
- 841 marta ko‘rilgan
Baxt sen oʻzing
– Baxtim bormi? – soʻraysan oʻgʻlim.
Shubhang bormi baxtingga, bolam?
Bunday baxtni koʻra olgan kim,
Bunday zamon koʻrganmi olam?!
Baxt emasmi, yorugʻ maktabda,
Oʻz tilingda bilim olishing.
Baxt emasmi, oppoq choyshabda,
Shirin-shirin uxlab qolishing?!
Baxt emasmi, ochil dasturxon,
Har dam senga boʻlsa muntazir.
Qaymoq, saryogʻ, qand-u issiq non,
Istagan chogʻ boʻlgani hozir?!
Baxt emasmi, poʻlat qushlar,
Qanot tutib tursa yoʻlingga.
Baxt emasmi, tilsim zavodlar,
Kalitini tutsa qoʻlingga?!
Baxt emasmi, Yurtboshi hatto,
Kelajaging, baxting oʻylashi.
Soz narsalar sengadir ato,
Koʻzlaringda quvonch oʻynashi?!
Baxting sanab tugatish mahol,
Osmon toʻla baxtning yulduzi.
Ularni sen oʻzing anglab ol,
Mujassamdir senda baxt oʻzi.
Haydar Muhammad