- Rukn: Sheʼrlar
- 791 marta ko‘rilgan
“Har tongning yangragan qoʻngʻirogʻi bor”
Hayot qoʻngʻirogʻi
Mevali daraxtning oʻrni boshqacha,
Hatto soyasi ham yaraydi beshak.
Demakki, hayotning qadri buguncha,
Ertasin kuylagan donishmand yurak.
Fasllar almashib yashaganiday,
Qoʻl berar ajdodlar avlodlariga.
Dunyo ham aylanar, axir, paydar-pay,
Berar mirzoligin zuryodlariga.
Zamon bor, makon bor, tabiat esa
Oʻzin qonuniga tutadi quloq.
Yogʻilar mujdalar shamollar essa,
Borliq karaxt emas, hamisha uygʻoq.
Inson bor oʻylaydi kelajagini,
Har tongning chalajak qoʻngʻirogʻi bor.
Quyosh tebratadi belanchagini,
Hayot allasidan jahon umidvor.
Yaratgan Egamning bagʻri juda keng,
Shukrlar boʻlsinki nazari bizda.
Oʻzbekiston yeri jannat maʼvo deng,
Bir ajib tuygʻular uygʻonar sizda.
Bu – Vatan tuygʻusi, momo yer mehri,
Ajdodlar ruhining bedorligi – bu!
Ezgulikka eshdir insonning umri,
Tongni kutib yashash – mangulik orzu!
Yoshlik ham misoli goʻzallik kabi,
Yetmasang qadriga, oʻtib ketadi.
Sharbatiga kimning tegadi labi,
Jomda kimga ogʻu, goh bol tutadi.
Javohir sandigʻin qulfini ochib,
Aql kalitiga ishongan yutar!
Qanoti bor qushlar orzuday uchib,
Umid yulduzining yonidan oʻtar.
Omadning yonida baxt kulib turar,
Pok boʻlsang oʻtasan ostonasidan.
Chinor boʻlaman deb nihol mavj urar,
Suyunib yer oʻpar peshonasidan.
Mehr qudugʻining tubi koʻp teran,
Qancha arqon tortma, chiqmas chelakka.
Yerni, onajonim, desang dafʼatan,
Zilol suv quyilar shu dam yurakka.
Koʻngil daraxtining mevasi shirin,
Achchiq danagi ham dardlarga malham.
Yaratganning oʻzi biladi sehrin,
Azaldan shunaqa yaralgan olam!
Inson bor – oʻylaydi kelajagini,
Har tongning yangragan qoʻngʻirogʻi bor.
Quyosh tebratadi halinchagini,
Hayot allasidan jahon umidvor!
Metroda sayr
Yer ostida nurli saroy,
Koʻz yashnatar goʻzal chiroy.
Yurar zina – eskalator,
Pastga tushib chiqayotir.
Qandillardan oqar yolqin,
Qishda issiq, yozda salqin.
Mazza, mazza... oh, mazza!
Vagonlari top-toza.
Poyezdlari ketma-ket,
Manzilingga tezda yet.
Toshkentimiz metrosi bu,
Yoqib qoldi bizlarga u.
Tuyaqush
Tuyaqush chaqqon, shoshilib,
Qushlarday ucholmaydi.
Tuya boʻlib yuk tashib,
Sahrodan oʻtolmaydi.
Qushlarga “Tuya”man der,
Tuyalarga derkan, “Qush”.
Qushga oʻxshab choʻqib yer,
Yuk tashishga yoʻqdir xush.
Yoshlik
Daryo joʻshqinligi yuragiga jo,
Metin irodasi bukilmas qoya,
Nafasin hovuri tongdagi sabo,
Yelkasi fazoga bir pillapoya.
Kim deb soʻrasalar,
Deymanki: Yoshlik!
Yulduzlar tiliga mohir tarjimon,
Manguga toʻxtamas elim yuragi,
Oldida lol qolib past tushar osmon,
Yorugʻ kelajakning qutlugʻ daragi,
Kim deb soʻrasalar,
Deymanki: Yoshlik!
Normurod Narzullayev,
Oʻzbekiston xalq shoiri