- Rukn: Sheʼrlar
- 112 marta ko‘rilgan
Danak haqida kim qanday yozgan?
Kichkintoylarning sevimli shoiri Tursunboy Adashboyev so‘zni so‘zga juftlab, o‘z hayrati-yu bor g‘ayratini qog‘ozga tushira boshlaganida 12-13 yoshlarda bo‘lganini sog‘inch bilan xotirlagan. “Mening adabiyotga kirib kelishim, – deb yozadi shoir, – avvalo, muallimlarimning, qolaversa, Abdullajon Shaitovday fidoyi, adabiyotga juda mehr qo‘ygan odamlarning ta’siri tufayli bo‘lgan”.
Tursunboy Adashboyev ilk asarlari bilan Mirtemir va Qudrat Hikmat kabi ustozlar e’tiborini tortgan va ulardan olgan saboqlariga yuksak e’tiqod bilan amal qilib yashagan. U o‘zbek bolalar she’riyatining yetakchi namoyandasi hisoblanadi.
1939-yilda qardosh Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga qarashli Olabuqa tumanidagi Safed Bulon qishlog‘ida tavallud topgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi, Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi, shoir, tarjimon, noshir T.Adashboyev katta hayot va sermashaqqat ijod yo‘lini bosib o‘tdi.
Xurshid Davron
Quyida shoirning “Oqbo‘ra to‘lqinlari” kitobidan keltirilgan parchalar yosh ijodkorlarga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.
Quddus MUHAMMADIY:
Tarqaldi shunday mish-mish:
Danakning dumi bormish.
Qarab boq — dovuchchani,
Uzsang bir hovuchchani,
Uni tutib turgudek
Bandi bordir, Turg‘unboy.
Danak mag‘zi — yog‘ bo‘lur,
Eksang bormi, bog‘ bo‘lar.
Qoqisi — chuli-kampot,
Ichib ko‘ngling chog‘ bo‘lar.
Danakday emish kishmish,
Shu bilan tamom mish-mish.
Hamidulla YOQUBOV:
Buzilmaydi —
Pinagim,
Pinagim.
Chaqilmaydi —
Danagim,
Danagim.
Tolib YO‘LDOSH:
Kattalarga salom ber,
Ko‘ksing uzra qo‘yib qo‘l.
Og‘zing ochib anqayma,
Danakdayin pishiq bo‘l.
Po‘lat MO‘MIN:
Sport bilan o‘qishni
Bog‘lar Salimjon – nimjon,
Danak chaqib ko‘nglini
Chog‘lar Salimjon – nimjon.
Miraziz A’ZAM:
Bir cho‘ntakcha danakni
Yutib olib Botirdan,
Jimit bola Mirvosil
O‘tib borar xotirjam...
Yo‘ldosh SULAYMON:
Danagini chaqolmay
Rahima,
Erta-yu kech qiladi
Vahima.
Safar BARNOYEV:
Dadamning qo‘llari
Tekkan shu danakka,
Pishganda ajralar
Puch bilan sarakka.
Obid RASUL:
Sabzi, sholg‘om, turpning
Oshqovoqdan farqi bor.
Samarqandda sho‘rdanakning
O‘ziga xos narxi bor.
Sulton JABBOR:
Ashtang-pashtang mag‘zini,
Sodiq ko‘rib “Zo‘r-a!” deydi.
Bilasizmi, Chust tomonda
Dovuchchani “g‘o‘ra” deydi.
Habib RAHMAT:
Hayron bo‘lmang, qor yoqqanda,
Qish kevotti desak biz.
Gashti bordir tanchada
Danak chaqib yesak biz.
Odil ABDURAHMON:
Paq etdi,
Shaq etdi,
Bir danakni g‘ozga otsam,
G‘aq etdi.
Rauf TOLIB:
Ilmlilar ming yasharmish,
Qaynasa fan o‘chog‘ida.
Lozim bo‘lsa suzmoq kerak,
Hatto, danak po‘chog‘ida.
MEN SHUNDAY YOZARDIM:
Bir hovuchcha danakdan
Bir hovuch qopti, demak —
Qorong‘ida shoirlar
Ko‘rmagan bo‘lsa kerak.