- Rukn: Sheʼrlar
- 104 marta ko‘rilgan
Naqadar yaxshi
Sizning borligingiz naqadar yaxshi,
Borligingiz go‘yo qalbga tutar gul.
Shoningizni kuylab to‘ymaydi baxshi,
She’r yozib qalamim charchamas butkul.
Chechaklar unadi go‘yo ichimda,
Nurli yuzingizni o‘ylasam, Ona.
Ovozingiz bo‘lsin kunduz-kechimda,
Baxtlarga cho‘maman yana va yana.
Parvona etdingiz, doim kunduz-kech,
“Ona, boshim yomon og‘ridi”, – dedim.
Aslida-ku, boshim og‘rimasdi hech,
Mehrli qo‘lingiz shaydosi edim.
Yozganlarim o‘zi ikki satr she’r,
Barisi qalbimga, ruhimga doir.
She’rim o‘qiganlar sekingina der:
“Sahnaga kelibdi yangi bir shoir”.
Dedingiz ko‘zda yosh, baxtdan quvonib,
“Qizim, seni menga bergan Xudoyim.
Aslida-ku, Ona, siylangan menman,
Sizni mening “Onam” qilgan Xudoyim.
Go‘zalxon SAMANDAROVA,
Namangan davlat pedagogika instituti talabasi