- Rukn: Sheʼrlar
- 17 marta ko‘rilgan
She’riy matematika
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, bolalar shoiri, mohir pedagog Negmurod Guliyevni bir qator ajoyib she’rlari va matematik jumboqlari orqali jurnal o‘quvchilari yaxshi biladilar.
Tajribali muallimning “She’riy matematika” nomli yangi kitobidagi she’riy yo‘l bilan ifodalangan matematik masalalar siz o‘quvchilarda ham adabiyotga, ham matematikaga ishtiyoq uyg‘otishi shubhasiz.
Esdalik
Ellik uchta o‘quvchi
Bitiruv kechasida.
Esdalikka qolsin deb,
Yoshlikning ko‘chasida.
Suratlarin birma-bir
O‘zaro almashdilar.
Qancha rasm shu alfoz –
Tarqatildi, kim bilar?!
***
Qancha poʻlat?
Yetmish besh kilogramm –
Po‘latdan sakson to‘rtta,
Sizga aytsam, zavodda
Tayyorlasharkan bolta.
Uch yuz o‘ttiz oltita,
Xuddi shunday chopqilar
Yasash uchun, toping-chi,
Qancha po‘lat sarf bo‘lar?
***
Qancha muddatda?
Nonushta qilgach Jamxur
Olib daftar kitobni,
Maktab sari yo‘l oldi,
Bo‘shashtirmay shitobni.
Yetti daqiqa o‘tgach,
Akasi Asilbek ham,
Bilim o‘chog‘i tomon,
Tashladi shaxdam qadam.
To‘ng‘ichi kichigidan,
Ikki karra tez yurar.
Qancha muddatda og‘a,
Inisin quvib yetar?!
***
Baxosi qancha?
Umring yo‘lida oftob,
Beg‘araz do‘st bu kitob.
Kim suymasa o‘qishni,
Bilingki, aqli betob.
Ikki do‘st bir xil kitob,
Xaridori bo‘lishdi.
Sotuvchiga yuzlanib,
Cho‘ntak kavlab qolishdi.
Afsus, chiqdi muammo,
Ishlar pishmay qoldi xom.
Birida kamdir qirq so‘m,
Ikkinchisida yuz so‘m.
Jamlashsa ham pullarin,
Bittasiga yetmadi.
Qancha ekan, Manzuma?
Savdo nega bitmadi?!
***
Quyonlar nechta?
Har katakka to‘rttadan
Quyonlarni joylasam,
Uchta xona yetmaskan
Bu yog‘ini o‘ylasam.
Beshtadan joylab chiqsam,
Inlar aro qaytadan
Ikki uycha qolar bo‘sh
Jumboq chiqib o‘rtadan.
Muammo hal bo‘ladi,
Qidirsang imkonini.
Toparsan tovushqon-u
Quyonxona sonini.