- Rukn: Sheʼrlar
- 508 marta ko‘rilgan
Kitob javoningizga
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Nabijon ERMATOV ko‘p yillardan beri siz – aziz bolalar uchun topishmoq va tez aytishlar, she’rlar yozib keladi. Uning ijod namunalari muntazam ravishda bolalar nashrlarida chop etiladi.
Ijodkor ushbu kitobga tabiatda uchraydigan turfa qushlar haqida o‘rganib, ularni she’rga solib, siz o‘quvchilarga taqdim etibdi. Quyida ulardan namunalar bermoqdamiz. She’rlarni o‘qib, qanotli do‘stlarimizning qiziqarli jihatlari bilan tanishing.
Bo‘ronqush
Dengiz qushi ham deymiz,
Nay burunli, qop-qora.
Keng ummon osmonida
Charx uradi, bir qara.
Qanoti juda uzun,
Tirsak, suyak baquvvat.
Suv to‘lqini parvozga
Ko‘mak berar kerak payt.
Suvda chaqqon suzadi,
Pardalangan panjasi.
Yengolmaydi uni hech
Suv, to‘fon iskanjasi.
Quruqlikda yilda bir
Birgina bola ochar.
Bo‘rondek kuchli, biroq
Xavf-xatar sezsa, qochar.
***
Tovus
Tovuqsimon bir qush u,
Qirg‘ovullar urug‘i.
Oyog‘i xunuk lekin
Go‘zal, uzun quyrug‘i.
Ozuqasi shilliqqurt,
Ham hasharot, chuvalchang.
Ko‘rganni asir etar,
Tutqunlikda bo‘lsa ham.
Kamalakdek tovlanar
Dumin yozsa, bu soz-u...
Shu husniga yarasha
Xush bo‘lsaydi ovozi.
***
Yo‘rg‘a tuvaloq
Tuvaloqsimon zotim,
Vaznim-chi, uch-to‘rt qadoq.
Tovuqlardek qanotim,
Yoqali patimga boq.
Tusim sarg‘ish qum rangi,
Cho‘l rangiga qorishgan.
Yo‘rg‘alayman juda tez,
Oyoqlarim tolishmas.
Afrika, Arabiston,
Osiyo, Qozog‘iston,
O‘zbekning dashtlari ham
Biz uchun bo‘lar makon.
Biz aslida ov qushi,
Uchamiz tez, shitob-la.
Keskin kamayib ketdik,
Kirdik “Qizil kitob”ga.