- Rukn: Sheʼrlar
- 2025 marta ko‘rilgan
Kitob o‘qimas bola
Kitob o‘qimas bola
Ko‘rdi qo‘rqinchli bir tush.
Kitoblari do‘q qilar,
Qo‘llari tugilgan musht.
Der, bizni unutgansan,
Har yonga irg‘itgansan.
Senga telefon bo‘lsa,
Tinmayin ishlab tursa.
Vaqtning qadriga yetgan,
Bolalarni topamiz.
Ular bilan do‘stlashib,
Fikrini uyg‘otamiz.
Holimiz bo‘ldi xarob,
Endi ketamiz qochib,
Bor xazinamiz bilan
Yaxshilikka yo‘l ochib.
Boshqa kitoblar uning
Gapiga qo‘shilishdi.
Yalqov, tanbal boladan
Juda xafa bo‘lishdi.
So‘ngra tushdilar yo‘lga,
Qo‘llarni berib qo‘lga.
Qaramay orqasiga,
Yirtiq muqovasiga.
Shu payt o‘qimas bola
Uyg‘onib ketdi cho‘chib.
Kitoblarning barini
Dedi avaylab, quchib:
– Mendan xafa bo‘lmanglar,
Tashlab ketmang, iltimos.
Tekislab, yelimlayman,
Imkon beringlar biroz.
Telefonimdan faqat
Foydalanay zarur payt.
Kompyuter, televizorga
Kitobdan keyin navbat.
Ularni silab-siypab,
Javoniga taxladi.
Doimo do‘st bo‘lmoqqa
Chin yurakdan ahdladi.
Zahro HASANOVA