- Rukn: Sheʼrlar
- 2585 marta ko‘rilgan
Notinch mamlakatlarda
Tezkor tarmoqlardan
Xorij xabarin berar.
Notinch mamlakatlardan
Noxush daraklar kelar.
Ko‘rdim vayron shaharda
Urushning oqibatin,
Boshiga o‘q yog‘ilgan
Odamlarning qismatin.
Beg‘ubor bolalarning
Ko‘zida mung, yig‘lar zor,
Begunoh odamlar zir
Yugurar chekib ozor.
Mayib-majruh kishilar
Har tomon izillashar,
Bolasin quchoqlagan
Onalar yo‘l izlashar.
Qaydan topsin boshpana,
Qayda ekan suv va non,
Qayda bir chimdim uyqu,
Og‘riq, tutunsiz makon.
Yonar yer-u ko‘k, dala,
Qular baland binolar,
Ko‘ksida ming yil tarix,
Qadimiy minoralar.
Urush ochgan kaslarda
Hech bo‘lmagan adolat.
Yovuzning vatani yo‘q,
Ularda yo‘q diyonat.
Yaratganga ming shukr,
Tinchlikdir shiorimiz.
Ilohim ko‘z tegmasin,
Yashnasin diyorimiz.
Yigitlari ulg‘ayib,
Mard, jasur o‘g‘lon bo‘lsin.
El-yurt ishonchin oqlab,
Vatanga posbon bo‘lsin.
Qizlari go‘zal, suluv
Barchindek saodatli,
Zulfiyadek millatga
Qiz bo‘lsin sadoqatli.
Tonglar nurafshon otsin,
Jannatmakon elimda,
Go‘zal she’rlar tug‘ilsin
Hayrat to‘la ko‘ngilda.
Zahro HASANOVA