- Rukn: Sheʼrlar
- 1787 marta ko‘rilgan
Kitob – sodiq do‘st erur
Kitobni seving
Butun borliq tabiat
Sevgan kabi oftobni,
Bolajonlar, sizlar ham
Seving aziz kitobni.
Kitob – sodiq do‘st erur,
Xoh kunduz, xoh tundadir.
Bor sir-u asrorlarning
Yechimi ham undadir.
Kitob bois qalbingiz
Oy-yulduzdek porlagay.
U sizni ezguliklar
Dunyosiga chorlagay.
Yaxshi ertak, hikoya,
Go‘zal she’r-u dostonlar.
Ko‘nglingizni yayratar
Etib bog‘-u bo‘stonlar.
Kimki kitob o‘qish-la
O‘tkazadi vaqtini.
Hayotda u albatta,
Topgaydir o‘z baxtini.
Kitob do‘st erur mudom
Butun insoniyatga.
Uni sevib sizlar ham
Yeting orzu-niyatga!
Tulki
Tulkini ko‘p quv, ayyor,
Jonivor, deb atashar.
Uni tutmoq bo‘lganlar
Yo‘lidan ko‘p adashar.
Epchil-u hushyorlikda
U ko‘pni lol qoldirgan.
Hatto bo‘ri ham unga
Og‘zidagin oldirgan.
Xavf-xatardan holidir
Tulkivoyning uyasi.
Chunki, yaxshi ishlaydi
Bu makkorning miyasi.
Agar qay bir tulkining
O‘tmay qolsa hiylasi.
Ovchining ayoliga
Po‘stin bo‘lar xullasi.
Zikrilla Ne’mat