- Rukn: Sheʼrlar
- 2970 marta ko‘rilgan
Xush kelibsan, Yangi yil
Yana kelding hadyaga to‘lib,
Kutmoqdaydik seni intizor.
Qadamingdan minnatdor bo‘lib
Zarra-zarra to‘kiladi qor.
Xafamasmiz bobo yildan ham,
Quvontirdi u bizni, – qancha
Konfetini ko‘rishdik baham
Va qo‘shiqlar o‘rgandik ancha.
Nihol o‘sdi, qurildi qasr,
Fazolarga qildik safarlar,
O‘sha yili tug‘ildi axir
Bizning qancha o‘rinbosarlar.
Seni aslo unutmagay dil,
Xayr endi, xayr, Yil bobo.
Simobdayin tipirlar ko‘ngil,
Yangi yilga endi marhabo!
Endi uni qutlab ziyoda
Manziliga jadal eltamiz,
Kirmoq uchun kechki kinoga
O‘n oltiga tezroq yetamiz.
Yo‘l olamiz maktabga qator
Bu yil endi birinchi karra.
Maktab yo‘li, do‘stlar, fazokor
Parvozidan kam emas zarra.
Bog‘chalarga emaklab oz-oz,
Yana kelar yangi qismimiz.
Ulg‘ayadi yoshimiz bir oz,
O‘zgarmaydi ammo ismimiz.
Abdulla Oripov