- Rukn: Sheʼrlar
- 1402 marta ko‘rilgan
“Menga baxtdan ber xabar”
Lavh
Bir vaqtlari onam to‘kib ko‘z nurin
Paypoq to‘qib sotib olib bergan lavh.
Kitobga tutinib do‘st o‘tar umrim,
Fayzli hayotimga bag‘ishlar farah.
Qo‘lga kitob olsam lavh yoyar kaftin,
Go‘yo onam kaftin duoga ochar...
Bunda his etaman mehrning taftin,
Suratdan termulib ko‘z nurin sochar.
Urchuq toshidayin aylanadi oy,
Oq ip pishiganday nur bo‘lib oqar.
Bu lavh hayotimga bag‘ishlar chiroy,
Saman otim kabi xayol uloqlar.
Qalbimni qamraydi cheksiz quvonchlar,
Onamni eslayman men to‘yib-to‘yib.
O‘qiyman, onamday kaftlarin ochgan
Lavhning ustiga men kitobim qo‘yib.
Uyg‘onish
Derazamning ko‘zidan
Yel kiradi otilib.
Qovoqning mushaklari
Ko‘zni ochar tortilib.
Pardalar orasidan,
Oftob – jo‘ram mo‘ralar.
Narida jimir-jimir,
O‘ynoqi suv o‘rmalar.
Onam pishirgan sutning
Hidi urar dimoqqa.
Kerishib, yozgum quloch,
Olam sig‘mas quchoqqa.
Dilimda allaqanday
Oydin hislar cho‘lg‘anar.
Do‘stim quyosh har tongda
Menga baxtdan ber xabar.
Mo‘min Avaz