- Rukn: Sheʼrlar
- 2666 marta ko‘rilgan
Kitobsevar
– Televizor oldida
Hecham ko‘rmadim seni.
Qo‘lingdan kitob tushmay
Lol qoldiryapsan meni.
– Maqtanchoqlikka yo‘yma,
Bu gaplarimni sira.
Kitob varaqlamasam
Ko‘nglim tortadi xira.
Televizor ko‘rmayman,
Desam bo‘ladi yolg‘on.
Bolalarbop dasturlar
Bizga zarur har qachon.
Biroq, rostini aytsam,
Kitobga, ortiq mehrim.
Diqqatimni tortadi
Adabiyotning sehri.
Tiriklik mo‘jizasin
Kitobda, deb bilmayman.
Kitob o‘qish baxtini
Men barchaga tilayman.
...O‘tayotgan har kunim
Kinoga o‘xshar go‘yo.
Do‘stim, bilsang, men uchun
Kitobning o‘zi kino.
Abdurahmon Akbar