- Rukn: Sheʼrlar
- 2485 marta ko‘rilgan
Ne solsam talqon bo‘lar
Hovoncha
Ichimga nedir solib,
Dastam bilan urishar.
Donni olishar tuyib,
Ishlari ko‘p yurishar.
Ne solsam talqon bo‘lar,
Zarba mazam qochirar,
Har zarbadan ingrayman,
Donlar har yon sochilar.
Ish bitar, surar chetga,
Men bo‘laman hang-u mang.
Har galgidek bo‘g‘zim bo‘sh
Qolar quruq, ochiq lang...
Shundayin yonginamda
Termulib ensam qotar.
Boplaganday bir ishni
Dastam cho‘zilib yotar.
Savollarning oldida
Uni qilma, deyishar,
Buni qilma, deyishar.
O‘zlaricha eh mening
Doim g‘amim yeyishar.
Ko‘lmakni kechib o‘tgum,
Goh o‘ynayman qum, tuproq.
Men sevgan o‘yinlarning
Taqiqlangani ko‘proq.
Qanday yayrab o‘saman,
O‘ynamay chiniqmasam.
Onamga yoqgum chizgan
Chizig‘idan chiqmasam.
Savollarning oldida
Turaman o‘yga botib.
O‘zimda yo‘q ixtiyor,
Boshim qolgandir qotib.
Mo‘min AVAZ