- Rukn: Sheʼrlar
- 475 marta ko‘rilgan
Lavha
Derazadan ko‘rinar bog‘lar –
Ko‘cha sovuq, yonar ichimiz.
Men o‘n birda. Hali Oybekni
O‘qitmagan o‘qituvchimiz.
Sinf jimjit. Qari muallim
Kitobdan bosh ko‘tarmay o‘qir,
Ammo uni uqmaydi qalbim,
Yuragimda Oybek she’r to‘qir:
“Qish kechasi guvillar shamol,
Dalada qor, qush inida qor.
Ingrar og‘riq kabi qari tol,
Oynalarni bezar qish – gulkor”.
Muallim bosh ko‘tarar hayron,
So‘ng o‘rnidan turar shiddatkor,
Derazani zarb bilan ochib,
Bizga qarab shivirlaydi: – Qor!...
Xurshid DAVRON