- Rukn: Sheʼrlar
- 698 marta ko‘rilgan
Yoz ertagi
Dalalarning qoq o‘rtasida
Yer-u osmon aro bir ertak –
Yulduzlarning mayin sasidan
Tebranadi oppoq belanchak.
Uxlab qolar horigan ota,
Uxlab qolar terimchi — suluv,
Uxlab qolar chorbog‘ ortida
Ariqchada jildiragan suv.
Faqat qora ko‘zlarin ochib,
Hayratlarga to‘ldirib quchoq.
Onasiga o‘xshatib oyni,
Tamshanadi oyday chaqaloq.
Va mehrdan ichib, ko‘ksini
Chaqaloqqa tutar oy xushhol.
So‘ng allalar aytib, o‘ksinib,
Belanchakni tebratar shamol.
* * *
Go‘dak qishdan chiqib duch keldi,
Birinchi bor yashil giyohga
Va yuragi hayratga to‘ldi,
Ajablanib boqdi dunyoga.
U giyohga tikildi uzoq –
To‘lib ketdi savolga ko‘zi,
Birinchi bor peshonasida
Paydo bo‘ldi fikrning izi.
Hali ojiz tafakkurida
Ilk bor yondi mitti bir chiroq,
Go‘yo qaqroq sahro bag‘rida
Otilganday bo‘ldi bir buloq.
Anglash uchun mitti giyohni,
Ochilsin deb uning sirlari,
O‘yga botib turar dunyoning
Eng donishmand mutafakkiri.
Xurshid DAVRON