- Rukn: Sheʼrlar
- 1915 marta ko‘rilgan
“Men bir daraxt o‘tqazdim...”
Osmon o‘yladi
Men bir daraxt o‘tqazdim,
Suvga bordim – quyishga.
Ammo ko‘kni qoplagan,
Bulutlar tushdi ishga.
Yomg‘ir yog‘di. Rayhonlar,
Bo‘yi bilan so‘yladi:
“Sen o‘tqazgan niholni,
Qara, osmon o‘yladi”.
Qochgan uyqu
Kech bo‘ldi, ko‘p uylarning
Chirog‘i “lip-lip” o‘chdi.
Yarim ochib ko‘zlarin,
Bobom der: – Uyqum qochdi.
– Uyqu qayga qocharkin,
Tutib bo‘larmi uni? –
Bobom biroz jilmayib,
Menga uqtirdi shuni:
– Tutib bersang uyqumni,
Yarmin senga berardim.
Shunda sen yulduzlarni,
Men oq gullar terardim.
Uyg‘oqlar orasida
Yurmaydi u aldamchi.
Izlab topmoqchi bo‘lsang,
Qani, ko‘zingni yum-chi?..
Ertalab ko‘zim ochsam,
Eshitilardi xurrak.
Bobomning uyqulari
Topilibdi, xayriyat.
Ilhom AHROR