- Rukn: Sheʼrlar
- 1329 marta ko‘rilgan
“Xonani tutdi birdan bolalarning kulgusi”
“Fil” turkumi
Uy ishini bajarmay
Uxlab qoldi Sobirvoy.
Ona tili darsida
Bo‘ldi rosa “holi voy”.
– Fe’lni tushuntir qani, –
So‘radi undan ustoz.
Fe’l qolib, o‘rmon filin
Maqtashga tushdi shovvoz:
– Karnayday ovozidan
Cho‘chib, hamma qochadi.
Xartumiga suv olib,
Favvoradek sochadi...
Xonani tutdi birdan
Bolalarning kulgusi.
Kim kitob o‘qimasa
Shunday afsus qilgusi.
Rassom
Rassom Anvar yo‘lbarsning
Yo‘l-yo‘lini chizardi.
Ukasi berib savol,
Xayolini buzardi:
– Yo‘l-yo‘lin chizmang, aka,
Xunuk bo‘lib qoladi.
Anvar deydi: – Chizmasam,
Mushuk bo‘lib qoladi.
Ahil qo‘shnilar
Qorda yurib ayiqvoy
Shamollab, bo‘ldi kasal.
Qo‘shnisi mushuk unga,
– Sog‘ bo‘l, – deb tutdi asal...
Yaxshilik unutilmas,
Maymoq buni biladi.
Tuzalgach u mushukni
Qaymoq bilan siyladi.
Bahodir OBID