- Rukn: Sheʼrlar
- 1662 marta ko‘rilgan
“Momiq parga oʻxshaydi...”
Laylak qor
Bibisoraning qoʻshigʻi
Uchib tushgan laylak qor,
Momiq parga oʻxshaydi.
Toʻkilishi maftunkor,
Munchoq – zarga oʻxshaydi.
Laylak qor, laylak qor,
Koʻngillarni yayrat, qor!
Qoʻlim tutsam, kaftimga
Kapalakday qoʻnadi.
Naqshi hayratga solib,
Zumda erib joʻnadi.
Laylak qor, laylak qor,
Moʻjizali, hayrat qor!
Daraxtlar ham oq rangda
Chizilganga oʻxshaydi.
Osmonning tegirmoni
Buzilganga oʻxshaydi.
Laylak qor, laylak qor,
Uchib – qoʻnib, yayrab qol!
Yo qor havasda menday,
Koʻylagi guldor qizga?!
Uydan chiqsam, bir zumda
Aylanaman Qorqizga!
Laylak qor, laylak qor,
Qorqiz kiygan koʻylak qor!
Qish zavqi
Kechasi bilan
Yogʻib chiqdi qor.
Ertalab tursam,
Atrof begʻubor.
Nonushta qilib,
Joʻnadim qirga.
Boʻynoq itim ham
Ergashdi birga.
Ortib olganman
Yelkamga chana.
Mazzaning zoʻrin
Koʻrasiz mana!
Qir tepasiga
Borib toʻxtadik.
Koʻngilda quvonch
Lek biroz hadik.
E, hechqisi yoʻq,
Qor – yumshoq parqu.
Shu bir soʻz bilan
Tarqaldi qoʻrquv.
Boʻynoq ikkimiz
Mindik chanaga.
Daryoday toshdi
Zavqim yanada.
Pastlikka qarab
Sirpanib tushdik.
Uchib borardik
Misoli qushdek.
Shu payt chanamiz
Urilib toshga,
Burnim qonadi,
Koʻz toʻldi yoshga.
Chana tagida
Qoldik, yiqilib.
Ancha vaqt yotdik
Qorga tiqilib.
Soʻng turib qaytdik,
Tushgancha yoʻlga.
Doʻstlar, rosti gap
Tushmang bu koʻyga.
Orif Toʻxtash