- Rukn: Sheʼrlar
- 1127 marta ko‘rilgan
Kitob – kuch
Kitob sevgan insonga
Kitob erur xazina.
Kitob oʻqimaganlar
Oʻzidan qilsin gina.
Kitobsiz uy zim-ziyo,
Yoʻqdir tuynuk, eshigi.
Zulmat uni qurshaydi,
Allalamas beshigi.
Kuch boʻlsa – kuch topilar
Pashshada ham, baliqda.
Savodsizlik shiori
Hammaga bir qullikda.
Kitobga oshno boʻlgan
Farqlar yaxshi-yomonni,
Aql bilan ish koʻrar,
Bekor qiynamas jonni.
Shuning uchun oʻquvchim,
Kitob bilan oshno boʻl,
Zukkolik ulugʻ qurol,
Seni kutar yorqin yoʻl.
Jajjigina qalbingdan
Joy topgin kitobga ham.
Eʼzoz qilgin non kabi –
Ulgʻayasan, boʻlmay kam.
Bobolardan meros u,
Kitob katta kuch bilsang.
Ilmga yetaklaydi,
U bilan doʻst tutinsang.
Nabijon Ermat