- Rukn: Sheʼrlar
- 364 marta ko‘rilgan
Nohaq kesilgan daraxt
Shoximdan qushlar uchdi,
Boshimdan hushlar uchdi,
Tanimga bolta tushdi,
Qalqib tushdim zarbidan.
Yerdan oyoq uzgan ko‘p,
Lekin menda xohish yo‘q,
Bo‘lar quruq yog‘och-cho‘p,
Kim uzilsa bag‘ridan.
Ey, soyamda yotgan zot,
Mevalarim totgan zot,
O‘tin qilib sotgan zot,
O‘tib mening bahrimdan,
Javobdan ne tonasan?
O‘tinimda yonasan –
Bir kun, beshak topasan,
Qilgan jafo-jabringdan.
Dilshod RAJAB