- Rukn: Sheʼrlar
- 1162 marta ko‘rilgan
Oʻrmonda Navroʻz
Bahor kelib, Navroʻzni
Kutvoldi ahli oʻrmon.
Ishonmasang kelib koʻr,
Qizir tomosha chunon.
Tantanani qirol Sher
Ezgu soʻz bilan ochdi.
Shoir Bulbul sheʼr oʻqib,
Maʼno gavharin sochdi.
Soʻng boshlandi bellashuv,
Qiziq musobaqalar.
Bayram “askiya”sini
Avj oldirdi baqalar.
Shoxdan-shoxlarga sakrab,
Akrobat boʻldi Qoplon.
Maymun esa eng baland
Dorda oʻynadi chaqqon.
Goʻzallik tanlovida,
Tovusoyning tengi yoʻq.
Uzoqqa tez chopishda
Kiyikvoy misoli oʻq.
Oʻynab-kular jonzotlar,
Quvonch keksa-yoshida.
Toshbaqa ulkan Filni
Koʻtaroldi toshida.
Hamma qoldi hayratda,
Tulki – mohir fokuschi.
Chaqqon harakat qilar,
Kenguru – zoʻr bokschi.
Muxlislar olqishladi,
Kurashga toʻldi maydon.
Toʻqayning polvonlarin
Yengdi Ayiq pahlavon...
Xullas, zoʻr boʻldi bayram,
Gʻoliblar endi tayin.
Oʻtsa hamki oʻn soat,
Tugamas bitta oʻyin.
Suv ostida koʻp turmoq –
Hozir shu bahs mahali.
Begemot bilan Timsoh
Koʻlning tagida hali.
Bahodir Obid