- Rukn: Sheʼrlar
- 244 marta ko‘rilgan
Ochkoni teng bo‘lishar
Ishqiboz ikki polvon,
Kuch sinashar shaxmatda,
Bellashadi beomon,
O‘yin qizir g‘oyatda.
Kishnatib “sipoh”ini,
Yelib borar Rustamjon.
Raqibining “Shoh”ini,
Qurshab oladi shu on.
Qarab turmas Omon ham,
Xavfni sezadi zumda.
Zehnini charxlab ildam,
O‘ta boshlar hujumga.
Labin tishlab Rustamjon
Yurishni qayta boshlar.
“Fil”ini qilib qurbon,
“Farzin”ga qarmoq tashlar.
Bu xatarli tuzoqqa,
Chap berar yana Omon,
O‘zi qo‘ygan qarmoqqa,
Rustam tushar shu zamon.
Tez orada tugar “jang”,
Bahsdan mamnun bo‘lishar.
Natija bo‘lib durrang,
Ochkoni teng bo‘lishar.
Do‘stjon MATJON