- Rukn: Sheʼrlar
- 250 marta ko‘rilgan
Ogahiyning izlrin izlab
Qiyot tuprog‘iga qo‘ysam gar qadam,
Bobom izlarini izlayveraman.
Ular ekkan tutni ziyorat qilib,
Atrofin aylanib bo‘zlayveraman.
Ruhimga ruhlari ko‘chib boradi,
Vujudim oralab shirin bir titroq.
Bobom hayotidan shivirlab so‘zlar,
Oqtut butog‘ida har bitta yaproq.
Uy muzeyi tomon buraman yuzim,
Ko‘zim qarog‘ida qalqib borar yosh.
Nahot shu uylarda yashagan bo‘lsa,
Ijod osmonida nur sochgan quyosh.
Ariq bo‘ylariga chopar hislarim,
Suv yoqalab yurgan izlarin qo‘msab.
Maysalar qo‘limga tutqazar qog‘oz,
Ogahiy bobomning suratin yasab.
O‘ylayman, ularga munosib izdosh
Bo‘lmoq baxti menga nasib qilarmi?
Kun kelib, nazmga tashna bu qizing
Osmonning toqiga durlar ilarmi?
Ogahiy yaratgan har bitta asar
Kelajak avlodga manguga mayoq.
Zulmatli tunlarni nurafshon aylar
Xorazm elida u yoqqan chiroq.
“Riyoz ud-davla”ni o‘qir ekanman,
Xiva tarixiga solaman razm.
Qon to‘kib, jon kechgan ajdodlar haqqi,
Bugun baxt nuriga cho‘mgan Xorazm.
Inja tuyg‘ularim oqqa ko‘chguncha,
Ko‘z yoshim siyoh-u kiprigim qalam.
Nurli sukunatga singib ketadi
Mitti yuragimga sig‘magan olam.
Asalxon YO‘LDOSHEVA,
Xorazm viloyati Urganch tumani 7-maktab 11-sinf