Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Olmabman-ku bobomdan duo!”

Dakki

Menga hech kim kerakmas,

Qoʻltelefon boʻlsa, bas!..

Deb qoldi bir kun ukam.

Dedim:

– Gaping notoʻgʻri,

Dedim:

– Uka, esing kam!..

 

Seni sevib, qaragan,

Oq yuvib, oq taragan

Onam-chi? Kerakmasmi?

Otam-chi? Kerakmasmi?

Men-chi? Opa-singling-chi?

Qavm-qarindosh, oʻrtoqlar?

Manov togʻlar, oʻtloqlar?

Yurting-chi? Vataning-chi?..

 

Qoʻltelefon... U nima?..

Qoʻlda yasalgan matoh.

Toshga bir ursang, tamom,

Boʻladi pachoq-pachoq.

 

Oʻyla shuni, mehr qoʻy

Umrboqiy ishlarga,

Kitob oʻqishga yoki

Hunar oʻrganishlarga.

 

Qoʻltelefon oʻgʻirlar

Avrab, vaqting-naqdingni.

Vaqtingni yoʻqotganing –

Yoʻqotganing baxtingni.

 

 

Duo olish

Shoshilardim musobaqaga,

Kech qolardim, sustlashsam xiyol.

– Forma?.. Kalit?.. Telefon... oldim,

Va yugurdim misoli shamol.

Va toʻxtadim koʻp oʻtmasdan. Oh!..

– Olmabman-ku bobomdan duo!

Qaytdim ortga. Duo olmasdan,

Biror ishni qilmoqlik – xato!

Va... ulgurdim. Qoʻlladi Xudo.

Musobaqa kechiktirildi.

Oʻyinda eng koʻp “gol”ni urgan

Gʻolib bizning sinfimiz boʻldi.

 

Fillarning quloqlari

Fillar bolaligida

Juda shoʻx boʻlgan chogʻi.

Choʻzilaverib, shalpang

Boʻlib qolgan qulogʻi.

 

Shukur Qurbon

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.