- Rukn: Sheʼrlar
- 678 marta ko‘rilgan
“Erkni sevgan qushlarga bizlar doim mehribon”
Vatan timsoli
Oʻzbekiston timsoli,
Aks etgan yurt iqboli.
Boshda Xumo qushi bor,
Topgan obroʻ-eʼtibor.
Quyoshday pok Vatanim,
Erk yaratgan makonim.
Xalqim tanlagan nusxa,
Yaqinsan dilga, koʻzga.
Mamlakatim naqshisan,
Sharqning orombahshisan.
Vatan ramzi – koʻrkamsan,
Yosh umrimga ilhomsan.
Masxaraboz
Hayvonot bogʻidagi
Maymun sakrab oʻynaydi.
Birovlarni kalaka
Qilishni hech qoʻymaydi.
Kulgi boʻlar hammaga
Qilmishiga yarasha.
Oʻzgani mazax qilib,
Oʻzi boʻlar tomosha.
Kenguruning bolasi
Koʻrsang gʻashing keltiradi
Kenguruning bolasi.
Haddan ziyod erkalatib
Yuboribdi onasi.
Chatoq boʻlar chiniqtirib
Oʻstirmasa otasi.
Mehnat qilmay, pinjga kirib
Yashash katta xatosi.
Oʻtkazsa u bolaligin
Parvo qilmay xaltada,
Ayting nima kutib boʻlar
Bunday fahmi kaltadan?!
Birovning dardi
Nortuyaning oyogʻiga
Ketganida mix kirib:
– Voy-voy, ogʻriq azob berar, –
Dedi shoʻrlik boʻkirib.
– Nafasingni oʻchir, daroz,
Bir mixgami shuncha dod.
Mening har bir nagʻalimda
Toʻrttadan mix bor, – der Ot.
Laylakjon
Yovuzlikdan bez, mayli,
Bizdan ammo bezmagin.
Yakka-yu yolgʻiz kelib,
Yuraklarni ezmagin.
Yurtimizni, laylakjon,
Yashnab, yayrab tut makon.
Erkni sevgan qushlarga
Bizlar doim mehribon.
Qambar Ota