- Rukn: Sheʼrlar
- 2125 marta ko‘rilgan
O‘rmondagi e’lon
“Yaqindan boshlab sport –
Seksiyasi ish boshlar.
Trener – quzg‘un, uni
Taniydi qari-yoshlar.
Xohlagan olib kelsin
Bolasini o‘qishga.
O‘rgatilar raqibni
Bunda qanday cho‘qishga”.
Misi chiqdi
– Bedovni yuvib, o‘g‘lim,
Yag‘rinin qashladingmi?
– Ha, dada!
– Keyin uning oldiga
Barra o‘t tashladingmi?
– Ha, dada!
– Ish chiqdi, tez egar bos
O‘sha qorabayirga.
– Hm... Qiziq... ana xolos,
Otning o‘zi qayerda?
“Usta”
– Qarasangiz-chi, oyi, –
Suyunchi so‘rar Salim, –
Ko‘p urinib, oxiri
Qiziq g‘ijjak yasadim!
– Nimadan qilding uni?
– Har qalay boridan-da.
Nimadan bo‘lar edi,
Dadam dutoridan-da...
Sabab
– Nimaga titrab labi,
Xafa turibdi Nabi?
– “Ye”, – deb akasi G‘ani
Muzqaymoq berib ketdi.
Soyada turmagandi –
Yeguncha erib ketdi.
Turob YUSUF