- Rukn: Sheʼrlar
- 2458 marta ko‘rilgan
Yangi yil
Yangi yil – yangi kun!
Yangi orzular
Dilga ko‘char ezgu yangilik bo‘lib.
Ona yurtimizga yangi baxt-iqbol
Kelgani chin bo‘lsin mangulik bo‘lib.
Kunga tatir, derlar tongi kayfiyat,
Demak, shu lahzalar yil uchun tongdir.
Bu ovoz vaqt emas, omadni chorlab –
Bizning qalbimizda urilgan bongdir.
Yillar o‘taverar ko‘z o‘ngimizdan,
Uyg‘oq ko‘ngillarga tutgancha imkon.
Umr – asli ne’mat, lahza – g‘animat,
Obodlik zavqidan dillar nurafshon!
Sening tashrifingga bog‘ladik umid,
Qadamlaring ukpar tarovat bilan.
Xush kelding, endi sen siyla bu yurtni –
Nurli kunlar bilan, halovat bilan!
Munavvarlik ila qalbga ilhom ber,
Ona yurt ko‘ksiga taqaylik nishon.
Dunyo sahni aro so‘z ber, imkon ber,
Bizni g‘oliblikka boshla har qachon!
Seni deb, sehrli tashrifingni deb,
Har bir xonadonda to‘kin dasturxon.
Yangi yil, xush ko‘rdik, qalblar – poyandoz,
Oppoq sevinch sochar boshingdan osmon.
Yangi so‘z aytmoqqa ber yangi ilhom,
Yaxshilikni chorlash – bizda an’ana.
Duogo‘y keksalar tilidan kalom –
Tinch elga yarashar bayram, tantana!
Orif TO‘XTASH