Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Askar o‘g‘longa maktub

Omonmisan, bolajonginam,

Salomatmi jo‘ra-yu do‘sting?

Tilab menga sabr va chidam

Debsan xatda, “Onajon, kuting”.

 

Debsan yana, “Olmang xavotir,

O‘zingizni asrang, Onajon!”

Netay, bolam, onaman axir,

Bo‘lgin deyman, doimo omon.

 

Lovullaydi alanga misol,

Dilginangda Vatan sevgisi.

Yolg‘on aytma, olmagin malol,

Aldamaydi ona sezgisi.

 

Chegarada tur doim sergak,

Ko‘zlaringni uyqu eltmasin.

Polvon bolam, sen menga kerak,

G‘anim bexos toshin otmasin.

 

Tinchlik, sog‘lik – Olloh ehsoni,

Asra, bolam, buyuk ne’matni.

Doim senga tilarman, alhol,

Bobolardan meros qudratni.

 

Muhabbatim bo‘lsin qo‘ldoshing,

Mehrim tanga kuch bo‘lib ensin.

Oldirmagin og‘zingdan oshing,

Dilginamda xavotir tinsin.

 

Bolam, bugun, anglading, sezding,

Ona yurting joningga payvast.

Oq sutimga roziman, bolam,

Tinchlik tug‘in ko‘tarolding dast.

 

O‘z burchingni astoydil o‘ta,

Yorug‘ bo‘lsin sen-la yuzimiz.

Kelishingni ko‘p intiq kutib,

To‘rt bo‘lmoqda, bolam ko‘zimiz.

 

Oygul UBAYDULLO

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.