- Rukn: Sheʼrlar
- 2900 marta ko‘rilgan
Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar
Ahd-vafoni ajdodlardan o‘rgangay –
El-u yurtim degan, ko‘ksi qalqonlar,
Mudom sharaf-u shonga burkangay –
Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.
Yuragida nomus bo‘lar, or bo‘lar,
Mag‘rurlikda lochin bo‘lar, sor bo‘lar,
Orzulari tog‘dek ulug‘vor bo‘lar,
Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.
Bo‘stoniga quzg‘un-zog‘ni yo‘latmas,
Qo‘rg‘onining bir toshin ham qulatmas,
Ichgan qasam, aytgan so‘zidan qaytmas,
Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.
Suvlar kechsa hamki, etik yechmagay,
Yovuzlarning hiylasiga uchmagay,
Jondan kechsa hamki, yurtdan kechmagay,
Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.
Toki bordir, mard, jasur posbonlari,
Musaffodir hur Vatan osmonlari.
Omon bo‘lsin, el fidoyi jonlari –
Vatan xizmatida yurgan o‘g‘lonlar.
Zikrilla NE’MAT