- Rukn: Sheʼrlar
- 2866 marta ko‘rilgan
"Oq sukunat portlar saharda"
Mangulik
Yillar o‘taverar, sezmay qolasan,
Ortda qolaverar qorlar, jalalar.
Bolaga qo‘shilib sen ham kulasan,
Bo‘yningga osilib kular bolalar.
Ular paydo bo‘lar tushlaringda ham,
Bir lahza yurakdan ketar nolalar.
Soylarday gurkirab, dunyoga beg‘am
Kirib kelaverar quvnoq bolalar.
Bir kun oh urarsan yulduzga boqib –
Boshingda yaltirar oppoq tolalar.
Ortingga qaraysan, yurakni yoqib
Oqib kelaverar sho‘x-sho‘x bolalar.
Achinmay chiqasan uydan bir kuni...
Ortda qolaverar qorlar, jalalar.
Ortda qolaverar gavron ot minib
Ajoyib bolalar, baxtli bolalar.
Manzara
Oq sukunat
portlar saharda,
kun narida yonib, yaraqlab,
chopib kirar sovuq shaharga
yalangoyoq yashil daraxtlar.
Bir zumdayoq devorlar oshib.
Ko‘chalarga tarqab ketdilar.
Darchalarga yuzlarin bosib,
bolalarday qarar kattalar.
Shavkat RAHMON