- Rukn: Sheʼrlar
- 30329 marta ko‘rilgan
Sport jon-u dilimiz
Yosh sportchilar qo‘shig‘i
Elda bor shunday naql:
“Sog‘ tanda – sog‘lom aql”.
Qilib badantarbiya
O‘samiz ziyrak, oqil.
Alpomishga vorismiz,
Haqparvar-u xolismiz.
Temuriy bahodirlar,
Tanballikdan olismiz.
Chiniqqanmiz, chaqqonmiz,
Qalbi olov – vulqonmiz.
Kerak bo‘lsa, Vatanga
Madadkormiz – qalqonmiz.
Sport jon-u dilimiz,
Sharaflaydi elimiz.
Chempionlik orzusi
Yoritadi yo‘limiz.
Ko‘pkari
Asl, halol olishuvdir
Ko‘pkari.
Ko‘pkariga chidolmaydi
Ko‘plari.
Xalq o‘yini, chavandozlar
Sinovi.
Polvonlarga el hurmati,
Siylovi.
Ushlaganin uzib olar
Chavandoz.
Bo‘sh kelmagin, dadil tashlan
Ha, shovvoz.
Mard yigitlar raqibini
Hurmatlar.
Tantilik-la ko‘rsatadi
Himmatlar.
To‘y boshladik, ovozasi
Taralar.
Ko‘pkariga keling do‘stlar,
Jo‘ralar.
Orzu yo‘li
Tunel qazdik tog‘ o‘pirib,
Uddaladik chin gapirib.
Buni tarix ko‘rgan qachon?!
Fikr qiling, bir o‘tirib.
Mahv etildi ulkan dovon,
Ipak yo‘li bo‘ldi ravon.
Bo‘ylashay, der osmonlarga,
Yo‘lga chiqdi buyuk karvon.
Ikki kokil – temir izlar,
Quvonadi ko‘rib ko‘zlar.
Yaqin bo‘ldi uzog‘imiz,
Egasimiz siz-u bizlar.
Temir tulpor go‘yo uchoq,
Borar shitob bilmay charchoq.
Qarshi olar dovon osha
Oltin vodiy ochib quchoq.
Orzu yo‘li – Angren – Pop,
Yuz ko‘rsatar yangi bir bob.
Temir yo‘lmas – mo‘jiza bu,
Kelajakka da’vat, xitob.
Ko‘ksimizni qilib qalqon,
Tog‘-toshlarni etib qalqon.
Yo‘l yotqizdik Farhod bo‘lib,
Ochildi zo‘r yangi imkon.
Yangi imkon – ulkan orzu,
Maqsadimiz tugal ezgu.
Yetsak deymiz Chin mochinga
Dilimizda so‘nmas tuyg‘u.
Ko‘prik bo‘lar xalqlar aro,
Mohiyati zo‘r xalqaro.
Qoyil butun jumla jahon,
Faxrlanar har fuqaro.
Ravshan ISOQOV