- Rukn: Sheʼrlar
- 2333 marta ko‘rilgan
Bizning bahor
Bahor doim bahor-da,
Kimligini bildirar.
Qotib yotgan toshdan ham
Gul-chechaklar undirar.
Qir-adirga loladan
To‘shar alvon poyandoz.
Hatto jarlik, daraga
Gul taqib berar pardoz.
Haydab kelar cho‘ponday
Turfa qushlar “poda”sin.
Tizar simga marjonday
Qaldirg‘ochlar shodasin.
Sayratvorar qish bo‘yi
Churq etmagan borliqni.
Sharaqlatib kuldirar
Shashti past soy, ariqni.
...Bahor shunday hunarlar
Ko‘rsatar biz yoqlarda.
Og‘zining suvi oqib
Qarar ulkan tog‘lar ham.
Dilshod RAJAB