- Rukn: Sheʼrlar
- 2759 marta ko‘rilgan
Onalar madhiga doston tugamaydi
Onam deganimda oqsoch, jafokash,
Munis va mehribon chehrang namoyon.
Sen axir bag‘ringda parvarish qilib,
Ko‘zimga baxsh etding ko‘zgudek jahon.
G‘afur G‘ULOM
Mushtipar ham o‘zing, buyuk ham o‘zing,
Kuyinchak ham o‘zing, kuyuk ham o‘zing.
Olamga tatirlik suyuk ham o‘zing,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.
Abdulla ORIPOV
Ko‘ngil gul bog‘ida asrayman sizni,
Ko‘zim qarog‘ida asrayman sizni,
Qalbim ardog‘ida asrayman sizni,
Bog‘bonim, posbonim, aziz onajon!
Normurod NARZULLAYEV
Bu dunyoning xilqati ayol,
Ma’no birla hikmati ayol,
Odamzodga tilagi – iqbol,
Ko‘rmay desang umringda zavol,
Sen onalar duosini ol.
Oxunjon HAKIMOV
Ayol nomi qoshida dunyo
Ehtirom-la etgaydir ta’zim.
U hayotning ramzidir go‘yo,
U hayotday mangu va azim.
Jumaniyoz JABBOROV
O, ona hech biri emasdir shirin
“Bolam!” deb bir og‘iz aytgan so‘zingdan!
O, ona mehringda quyosh yashirin,
Ne ajab, gul unsa har bir izingda!
SHUHRAT
Ona hayot osmonida
Yorqin quyosh bo‘lib charaqlar.
Farzand uchun kerak bo‘lsa u,
Hatto cho‘g‘ni kaftida saqlar.
Sa’dulla HAKIM
Millatning egasi, millatning nasli,
Siz atir nafasli, siz rayhon sasli,
Ketmas bo‘lib kelgan bahorsiz asli,
Men oftobga alishmagan ayollar
Mahmud TOYIR
Bor yulduzlar sizga xizmat qilsalar,
Ummonlar ham siz deb qurib, to‘lsalar.
Gullar sizdan rang-u ifor olsalar,
Chaman bo‘lsa yurgan ko‘cha-ko‘yingiz,
To‘larmidi hech to‘lmagan ko‘nglingiz?
Sirojiddin SAYYID
Hovlimizda jannat bo‘yin taratgan,
Sabolarga ifor tutgan, yayratgan,
Ko‘kdan oy-u oftobni ham qaratgan,
Borlig‘ida malaklarmi nihonlar,
Rizvon ekan onam ekkan rayhonlar.
Minhojiddin MIRZO