- Rukn: Sheʼrlar
- 1198 marta ko‘rilgan
“O‘rmondan gapiramiz”
To‘qayzorda duv-duv gap –
Bodroq misol sochildi:
“Eshitdingmi, o‘rmonda,
Yangi efir ochildi!”
– Diqqat! diqqat! Azizlar,
Gapiramiz O‘rmondan!
Sizlarga sog‘-omonlik,
Tilaymiz erta tongdan.
Boshlovchimiz To‘tiqush
Chiqib qoldi xo‘b gapdon.
Shuning chun radioga,
O‘zi erur suxandon:
– Oshyonimiz tinch, shukur,
Yo‘qdir aslo xatarlar.
Efirda sizlar uchun
Eng oxirgi xabarlar!
Kecha Toshbaqa bobo,
Kirdilar besh yuz yoshga.
Ertaga, ahli o‘rmon,
Yaylovga boring oshga!
Bo‘rivoyning kenjasi,
Qaytdi harbiy xizmatdan.
Uni yo‘qlab qo‘yinglar
Va bo‘linglar izzatda!
Ayiqvoy uy qurmoqda,
Do‘stlar unga qarashar.
Hech kim chetda turmasin,
Hashar – elga yarashar!
Havas ila boqaylik
O‘rmondosh Boyo‘g‘liga.
Mehmon bo‘ling, bu oqshom,
To‘y qilmoqda o‘g‘liga...
Keyin esa kuylarga
Bir-bir navbat berildi.
– Men zo‘r kuylayman, – deya
Ijrochilar kerildi.
Yangrab qoldi efirda,
Fillarning zo‘r navosi –
Karnay xartumlarida,
Chaldi “vaho-vaho”sin.
Shundan so‘ng qurbaqalar,
Jam bo‘lib qurilladi.
Chigirtkalar hushtagi,
Astoydil churilladi.
Xo‘roz qichqirdi: “qu-qu!”,
Tovuqlar dedi, “qo-qoq!”.
Yana qancha “xonish”lar,
Ishonmasang, tinglab boq...
Naqorat payti qarg‘a,
To‘xtamay “qag‘-qag‘”ladi.
G‘oz-u o‘rdak jo‘r bo‘lib,
Tinmayin “g‘oq-g‘oq”ladi...
Eng so‘ngida efirda,
Yangradi mumtoz qo‘shiq.
Uni hofiz Bulbuljon,
Kuyladi yonib-jo‘shib.
Chor-atrof jimib qoldi,
Quloqlar bo‘ldilar ding:
– Ey xushovoz, bulbulim,
Avval qaylarda eding?!
Tinglaganlar bo‘ldi sel,
Sehridan toldi o‘yga.
Olqishlashib hofizni,
Tahsin aytdilar kuyga.
Ha, o‘rmon radiosin
San’atkori bor bo‘lsin!
Hammaga quvonch, sog‘liq,
Zo‘r kayfiyat yor bo‘lsin!
Bahodir Obid