- Rukn: Sheʼrlar
- 2452 marta ko‘rilgan
O‘zimizning shoirimiz
O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning 70 yillik tavallud kuniga
Anvar aka! O‘qidim –
Jurnalda bir hazil she’r.
Unda sizni muallif
“O‘zbek Anderseni” der.
Kitobingiz varaqlab,
O‘ylab qoldim o‘zimcha.
O‘sha so‘zga, albatta,
Zarur ekan qo‘shimcha.
Qahramonlaringiz ko‘p –
Mard, jasur, jaydarisi.
Sizni atamoq mumkin
“O‘zbekning Rodarisi”.
Qotirib qo‘yasiz-da
Fantastik qissa, she’rni.
“Avtobola”dan keyin
Siz “O‘zbekning Jyul Verni”.
Qachonki o‘qilganda
“O‘g‘irlangan pahlavon”,
“O‘zbek Pushkini” deymiz
Esga tushgach Knyaz Gvidon.
Obrazlaringiz quvnoq,
Hayratga solar meni.
O‘qigandan so‘ng deyman,
Siz “O‘zbek Mark Tveni”.
Asar tagma’nosida
Mukammallik shiftisiz.
Bu borada, albatta,
“O‘zbekning Svifti”siz.
Qofiyalaringiz zo‘r,
Aslo emas xashaki.
Bu sohada o‘zingiz
“O‘zbeklarning Marshaki”.
Qahramonlar taqdirin
Ko‘p qiynoqqa solasiz.
“O‘zbekning Defosi”ga
Shunda o‘xshab qolasiz.
Jonivorlar tilin jo‘r
Qilib inson dardiga,
Aylanasiz “O‘zbekning
Kipling Redyardi”ga.
Pinokkio singari
Qissangizda Meshpolvon –
Adolat uchun kurash
Boshlaganda beomon,
Asaringiz o‘qiboq
Aytamiz shu zahoti:
“Anvar aka o‘zbekdan
Chiqqan Karl Kollodi”.
Xullas, shunday hazil she’r
Sizga bugun yo‘lladik.
Shu bahona, siz yozgan
Asarlarga bo‘yladik.
Buyuklarga buyukni
Taqqosladik biz rosa.
Va chiqardik, nihoyat,
Shunday ajib xulosa:
Siz badiiyat qiroli
Hamda uning sarvari.
Siz emas, ular bo‘lsin
O‘z xalqining Anvari.
Kavsar Turdiyeva,
Bolalar shoiri