- Rukn: Sheʼrlar
- 3911 marta ko‘rilgan
G‘ururdan dengizday toshib kuyladim
Binafsha
Qahratonda yerga to‘shalgan qor,
Mening ko‘nglim tusab qolar binafsha.
Dilim tag-tagidan erka bir viqor,
O‘rar chirmoviqday xushbo‘y bir nash’a.
Eng xushro‘y, eng ko‘rkam gullarning atrin
Na bo‘y, na husniga etolmam qiyos.
Beqiyosdir hushni elitgan bahri,
Tun yostiqda so‘lgan binafshaga xos.
Shu huzurni qo‘msab, quturgan qishda
Dumbul bahorlarni nigohim izlar...
Goh-goh bugunimiz emas, o‘tmishdan
Issiq nafaslarni izlaymiz bizlar...
Xayol chamanida bo‘y cho‘zib o‘tlar,
Cho‘lda yel va nurda lolalar balqar.
Ko‘klam sharpasidan sinib sukutlar,
Tarnovdan, ariqdan suv bo‘lib oqar.
Nihoyat ma’sumam – jajji binafsha
Safsarrang gulxanin sochar iymanib,
O‘ngir, ariq bo‘yin tutadi nash’a,
U buyuk borliqqa boqar jilmayib.
“Salom! – deyman xayol binafshasiga, –
Sensiz ko‘ngil bog‘im qolardi g‘arib!
...Hech mast bo‘lganmisiz sof nash’asiga,
Boshin xiyol egib tursa jilmayib?..
Zulfiya
O‘zbekiston xalq shoiri
Bahorni qarshilab
Buncha chiroyliksan, fusunkor bahor,
Bunchalar qalblarga sirdosh, hamohang,
Bola chog‘imda ham etardi maftun
Sendagi go‘zallik, alvon turli rang.
Boychechak izlardim bog‘larda tentib,
Sochimga sanchardim qanday gulki bor.
Istardim, shu bahor qolmasa ketib,
Istardim, gullarga qo‘nmasa g‘ubor.
Feruza osmondan uzolmay nigoh,
Ko‘katlar ustida yotardim uzoq.
Tomlardan qizg‘aldoq qidirardim goh,
Goh qushlar yo‘liga qo‘yardim tuzoq.
Sochpopuk ishqida tinib-tinchimay,
G‘imirsib yurardim tollar tagida.
Bo‘lardi ajoyib, latif bir xush bo‘y,
Men taqqan yam-yashil tol bargagida.
O‘rik gullarini to‘kib, to‘zg‘itib,
Arg‘imchoq uchishni sevardim juda.
Soatlab turardim xayolim ketib,
Gullar suzib o‘tsa suvlar mavjida.
Ko‘katlar ichida qo‘g‘irchog‘imni
Allalab, o‘zim ham qolardim mizg‘ib.
Goh yalpiz terarkan anhor labida
Kapalak ortidan ketardim izg‘ib.
Shunchalar sevardim, gul bahor seni,
Hali ham sevaman jonimdan ortiq.
Balki shuning uchun taqdirlab meni,
She’rni, she’riyatni qilgansan tortiq.
Otash solmasaydi qalbimga lola,
Bag‘riga tortmasa ko‘m-ko‘k dala, qir.
Dilni elitmasa edi shalola,
Shu she’rni qayoqdan yozardim axir.
Saida Zunnunova
Yoshlarga deganim
Ko‘ngilda qulf urgan Gulshanlarim Siz,
Nafasi muborak gulxanlarim Siz,
Ertan har kiftida bir tog‘ni tutgan
Alpomish haybatli ulkanlarim Siz.
Toj-u taxt egasi – shahzodalarim,
Orzu-xayollari ozodalarim,
Ot bosmagan izni bosgan toylarim,
Yalpizli, rayhonli shabbodalarim!
Qosh-u ko‘z orasi qabog‘imdasiz,
Jon piligim yongan ravog‘imda Siz!
Yetti shajaramning shoh halqasida
Xizr nazar solgan tuyog‘im-da Siz!
Vatan qoyasida lochin bo‘lgaysiz,
Yovlar yelkasiga – qamchin bo‘lgaysiz,
Bulutsiz beg‘ubor ochun bo‘lgaysiz,
Fikr hur, malagi nekbin bo‘lgaysiz!
It teksa bulg‘anar oqar daryo ham...
Buzg‘un xayollardan asrasin egam,
Onaga tik boqib, bo‘lmang boshi xam,
Zanglamas, aynimas oltin bo‘lgaysiz.
Vatanni bir tovoq kepakka sotib,
Bir umr xiyonat loyiga botib,
Durday jigarlarin balchiqqa otib,
Yurgan nokaslardan yiroq bo‘lgaysiz...
Yigitlik davroni – taxt-u tojlidir,
Inson yurti bilan baxtli, bojlidir,
Begona ellarda sulton bo‘lguncha,
Ostonada bir kaft tufroq bo‘lgaysiz,
Qarg‘ish-kohishlardan yiroq bo‘lgaysiz.
Oydin hojiyeva,
O‘zbekiston xalq shoiri
Kichik daraxt
Huv balandda barg yoyib turgan
Kichik daraxt, bilsang o‘sha – men.
Qushlar bilan soz suhbat qurgan
Kichik daraxt, bilsang o‘sha – men.
Boshi uzra quyosh to‘ksa nur,
To‘lqin uzra barglari – menman.
Qad tiklasa bo‘ronda bazo‘r
Titrab tursa barglari – menman.
Kichikman-u, quvman salgina,
Novdalarim chayir ham yirik.
Titrab-titrab men beholgina
To‘fonlardan chiqqanman tirik.
Chayir tanim o‘rgangan ancha,
Quyosh yoqmas, muzlatmaydi qor.
Xush qomatim adl tutgancha
Har yangi tong ochaman ruxsor.
Ildam bola
Ildam bola, tishi kemshik,
Kattalarday aqlli,
Tagidagi qari eshak
Qistatadi jahlini.
O‘zi-ku xo‘p ildam, daydi,
Chopsa o‘zar shamoldan.
Kuyinmagin, hoy bolakay –
O‘zni urib, shoshqinib.
Sen chalganda sayroqi nay –
Toshar ko‘klam toshqini.
Bosh ustingda tandir misol –
Qizimaydi cho‘l ko‘ki.
Shaharlarni qilarsan lol,
Odam bo‘lib, sen o‘qib.
Horgan chog‘i, qo‘y, olsin dam,
Shunda qolsin eshaging.
Men yo‘lingga lolalardan
Qizg‘ish gilam to‘shadim.
Huv qirda ham chayqalguchi
Qizg‘ishdaryo seniki.
Uni yalangoyoq kechib
Oldga talpin entikib.
Dunyo kezar hali sening
Temir oyoqchalaring...
Ildam bola, ildam bola...
Halima xudoyberdiyeva
O‘zbekiston xalq shoiri