- Rukn: Sheʼrlar
- 2243 marta ko‘rilgan
Yomg‘ir yog‘di kun bo‘yi
Yomg‘irga sovg‘a
Yomg‘ir yog‘di kun bo‘yi
Suvga to‘ldi ko‘lmakcham.
Quvonchidan miriqib,
Suzar mitti o‘rdakcham.
Yana erka zaminning
Yuvildi chang-g‘ubori.
Katta bo‘lib qolibdi
Kecha ekkan niholim.
Ahd qildim mitti nihol,
Daraxt bo‘lib ulg‘aysa.
Kuz kelib, meva tutib,
Hosillari ko‘paysa...
Ilk pishgan mevalardan
Savatchamga teraman.
Rahmat aytib chin dildan
Yomg‘irjonga beraman.
O‘roq
Dehqonbobo bug‘doyi
Yetilib pishdi rosa.
Bo‘liq boshoq quyoshdan
Oldi oltin andoza.
Mehnatsevar o‘roqjon
Zerikib uyqusidan,
Ishga tushib ketdi tez
Ishchanlik tuyg‘usidan.
O‘rim tugab xirmonga
Uyib qo‘yildi donlar.
Shirin kulcha ulashib,
Kuzatildi mehmonlar.
Ammo dehqon yodidan
Ko‘tarilgan, bechora.
O‘roq charchab, joyida
Uxlar edi nachora.
Dilorom MO‘MINOVA,
Namangan Davlat universiteti talabasi