- Rukn: Sheʼrlar
- 3133 marta ko‘rilgan
Qalbim – quyoshga makon
SAVOL
Osmondagi sirli yulduzlar
Aytarmikan kelajagimni?
Gul Vatanni yana ham gulgun
Bog‘ misoli etajagimni.
Oy, Zuhroga men etib parvoz,
Gulg‘unchalar taqib qaytaman.
Lablarimga qo‘nib tabassum,
“Tinchlik” so‘zin jo‘shib aytaman.
Osmondagi sirli yulduzlar
Aytarmikan kelajagimni?...
KAMALAK
Injulanib ko‘kda kamalak,
Sehrlaydi jajji dilimni.
Quvonchidan hayqirar falak,
Sevintirib tanti dilimni.
Yuragimga yellar kiradi,
Sho‘x hislarim go‘yo bir vujud.
Eh tengdoshim, bilsang, qalbim va
Kamalakda uyg‘unlik mavjud.
Undan oltin yoshlik ufurar,
Unda yashar olov yuragim.
Qo‘lim rulni tinchlikka burar,
Dil bog‘layver, sho‘x kamalagim!
BAXTIYORMAN
Vatan, baxtli qizingman,
Qalbim – quyoshga makon.
Yuzda mehrim tovlanar
Seni eslagan zamon.
Baxtiyorman bag‘ringda
Ko‘nglim doim guldayin.
Shuur olib oftobdan
Ulg‘ayaman kun sayin.
OQIBAT
– Oymomo, hoy, oymomo,
Nega bu kech yolg‘izsan?
Atrofingda yo‘q darak
Inju sochar yulduzdan.
– Eng yorug‘man, deb rosa
Maqtangandim, baayni.
Xafa bo‘lib yulduzlar
Ketib qoldi, og‘ayni!...
AFSUS
Sobir tursa ertalab,
Qor yog‘ibdi xo‘p elab.
Ko‘rib birdan zo‘r “fokus”,
Tamshanib dedi: “Afsus...
Qarang, tomda sumalak,
Qish bobomning sovg‘asi.
Konfetlari yaxshi-ku,
Yomon tomoq g‘avg‘osi”.
Gulandom TOG‘AYEVA